Главная » 2017 » Июнь » 15 » “Naqdlashtirish”ning qiyinchiliklari: Nega O‘zbekistonda pulni naqdlashtirish murakkab?
21:19
“Naqdlashtirish”ning qiyinchiliklari: Nega O‘zbekistonda pulni naqdlashtirish murakkab?
Pulni naqdlashtirish masalasi O‘zbekistonda plastik kartaga ega fuqarolarning asosiy muammolaridan biridir. Buni qonunan amalga oshirish deyarli imkonsiz. Ko‘pincha aholi xalq orasida “pul almashtiruvchi” deyiladiganlarning xizmatiga yugurishlariga to‘g‘ri keladi. Ular esa naqdlashtirilayotgan puldan o‘z xizmatlari uchun 10 foizdan kam bo‘lmagan haq olib qolishadi. Mablag‘larni naqdlashtirish masalasi, shuningdek, tadbirkorlar oldida ham ko‘ndalang turadi, ular “naqdlashtirish”ning turli sxemalaridan foydalanishlariga to‘g‘ri keladi.

UZ24 mamlakatda naqd pul yetishmovchiligining sabablarini aytib berishini so‘rab, mustaqil moliyachi ekspert — Aleksandr Davletovga murojaat qildi.

Talab taklifni oshiradi

Dunyoning nobozor va eng yopiq iqtisodiyotlarida ham bozor qonun-qoidalari baribir o‘z so‘zini aytadi. Bizning holatda naqd pulga bo‘lgan talab taklifdan ortadi, shuning uchun biz naqd pulning doimiy yetishmasligi va defitsitiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Qachonki defitsit bo‘lsa, naqd pulning chayqov qiymati hosil bo‘ladi va bu xalqona til bilan aytganda “foiz” hosil bo‘lishiga olib keladi va iste’molchilar o‘zlariga ko‘rsatiladigan xizmat uchun haq to‘lashga majbur bo‘lishadi.

Pul-kredit siyosati

Nolinchi yillarning o‘rtalaridan boshlab O‘zbekistonning pul-kredit hokimiyati inflyatsiyani ushlab turish maqsadida pul massasining muomalaga chiqarilishini byurokratik usullarda qisqartirishga harakat qilib kelmoqda. Yopiq iqtisodiyot sharoitida, masalan, Shimoliy Koreyada aylanmada naqd pulning ko‘payishi chindan ham inflyatsiyani harakatga keltiruvchi omil hisoblanadi. Biroq bozor munosabatlari yoki unga bosqichma-bosqich o‘tish sharoitlarida bu inflyatsiyaga doir muammolarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi asosiy omil hisoblanmaydi. Mustaqil ekspertlar O‘zbekistonda 2000-yillardan boshlab inflyatsiyaning bosh sababi — monopoliyalar tariflarining oshishi yoki xarajatlarning ortishi kabi nomonetar omillar, degan yagona fikrdalar. Monetar omillar ham, albatta, inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatadi, biroq imtiyozli kreditlash va past nobozor foiz stavkalari (amalda — manfiy stavkalar) muomaladagi naqd pullardan ko‘ra kattaroq inflyatsion bosim yuzaga keltiradi. Naqd pullar hajmini sun’iy kamaytirish siyosatidan voz kechish va kelgusida uni adekvat darajagacha o‘stirish — bugungi iqtisodiy vaziyatda Markaziy bank yangi rahbariyati uchun kun tartibining o‘ta kritik masalasi hisoblanadi.

Yashirin iqtisodiyot

Yashirin iqtisodiyot — O‘zbekiston iqtisodiy tarixining eng ziddiyatli jihatlaridan biri hisoblanadi. U bizda hanuz chuqur tahlil qilinmagan yoki uning ustida ilmiy izlanishlar olib borilmagan. Turli baholashlarga ko‘ra, yashirin iqtisodiyotning darajasi mamlakat yalpi ichki mahsulotning 30 foizidan 50 foiziga qadar hajmga teng. Bunday iqtisodiyot har doim naqd pulga talabni yaratadi va qoidaga ko‘ra, pullar “yashirinadi” va qaytmaydi. Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyot sharoitlarida o‘zaro hisob-kitoblar odatda “qora naqd pul” deyiluvchi usulda amalga oshiriladi. Yashirin iqtisodiyotning hajmi qanchalik katta bo‘lsa, naqd pulga bo‘lgan talab ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Natijada, rasmiy iqtisodiyotda ham uning yetishmovchiligi boshlanadi.

Erkin konvertatsiyaning yo‘qligi

Konvertatsiyaga nisbatan joriy etilgan cheklovlar sabab alohida importchilar, ayniqsa, xalq iste’moli mollarini olib kiruvchilar, o‘zlarining xorijiy valyutaga bo‘lgan talabini turli yo‘llar bilan qoniqtirishga majbur bo‘lishadi. Naqd valyuta xarid qilish uchun ularga ”qora” bozorda naqd so‘m kerak bo‘ladi, shu sababli ko‘pincha keng iste’mol mollari importchilarining tovar muomalasi tabiiy shakli quyidagi shartli formula bo‘yicha yuz beradi: ”qora bozor”da naqd dollarni sotib olish — import mahsulotlarni naqd so‘mga sotish va yana naqd dollar xarid qilish. Bunday formula naqd so‘m aylanmasiga bosim o‘tkazadi uning bankdan tashqaridagi aylanmasini kengaytiradi va naqd pul taqchilligiga sabab bo‘ladi.

Soliq solish

Iqtisodiyotning qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish kabi mehnat sarfi katta bo‘lgan sohalarida oylik maoshlar ko‘p hollarda “konvert”da yoki “qo‘ldan” hech qanday shartnomalarsiz to‘lanadi. Ish beruvchi xarajatlarni qisqartirish uchun hamma narsalarda iqtisod qilishni istaydi va birinchi navbatda — xodimlar to‘laydigan soliqdan. Ish beruvchi uchun “konvert”da beriladigan maoshlarning ustunligi o‘z-o‘zidan ravshan. U ijtimoiy badallar, yagona ijtimoiy to‘lov, daromad solig‘i, pensiya va boshqa ajratmalarda iqtisod qiladi.
Категория: Yurtimiz yangiliklari | Просмотров: 186 | Добавил: Administrator | Теги: Naqd pul | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar