Главная » 2016 » Ноябрь » 11 » Erining katta meros qoldirganidan bexabar ayol uni 50 yil kutdi
17:41
Erining katta meros qoldirganidan bexabar ayol uni 50 yil kutdi
Serbiyalik Mariya Zlatich ismli ayol 50 yil mobaynida eridan maktub kutib, umri o`tdi, deb yozadi “Nonbox.ru” nashri. Bu keksa ayol o`rmonning bir chetida joylashgan kichkina uychasida bor-yo`g`i 100 dollar evaziga kun ko`rdi. Ammo oddiy va zerikarli kunlarning birida etib kelgan xabar uning hayotini ostin-ustin qilib yubordi. Bu voqea 1956 yilda boshlangandi. Mariya va Momchilo Zlatich Avstraliyaga jo`naganda hali juda yosh edilar. Momchila duradgor bo`lib ishlar, Mariya esa fermerlik ishi bilan shug`ullanar, ularning kichkina xo`jaligi bor edi. Ular ertaklardagi kabi baxtli hayot kechirishardi. Oradan 18 oy o`tgandan keyin Mariyaga onasining qattiq betob bo`lganligi haqidagi xabar keladi. U Serbiyaga qaytishga qaror qiladi. O`shanda eri bilan qirg`oqda xayrlashar ekan, bu so`nggi vidolashuv ekanligini xayoliga ham keltirmaydi. Mariya onasi vafot etguncha, uning yonidan jilmadi. Oldinda uni qanday sinovlar kutayotganidan hali bexabar edi. Ba`zi bir sabablarga ko`ra, u turmush o`rtog`ining yoniga, Avstraliyaga qayta olmadi. Ular tez-tez xat yozishib turar, shu bilan ayriliq o`tini pasaytirishga harakat qilishardi. Mariya har hafta sevgan yoridan kelgan xatni olish uchun pochta qutisi oldiga yugurardi. Ammo yillar o`tgan sari xatlar siyraklasha bordi. Bir kuni pochta qutisining bo`m-bo`shligini ko`rgan Mariya hammasi tugaganligini angladi. Oradagi uzoq masofa juftlik uchun juda og`ir sinov bo`ldi. Sukunat yillari o`n yilliklarga aylandi. Mariya o`rmon chetidagi kichkina uyda yolg`iz hayot kechira boshladi. Keksayganda esa, unga yaqin do`stlari va qo`shnilari yordam berdi. Mariyani bilgan odamlar juda mehribon va ajoyib ayol ekanligi, hammaga qo`lidan kelgancha yordam berishi haqida so`zlashardi. Uzoq yillardan keyin Mariya erining Avstraliyada ikkinchi bor uylanganini, fermerlik bilan shug`ullanib, boyib ketganligi haqidagi mish-mishlarni eshitadi. U bu g`iybatlarga ishonmaydi va qayta turmushga chiqmay, erini kutadi. Mariyaning eri Momchilo 2011 yilda vafot etadi. Undan ayrilganiga chidolmay, ko`z yosh to`kkan Mariya oldinda uni qanday syurpriz kutayotganidan hali xabari yo`q edi. Ma`lum bo`lishicha, sobiq eri Mariyaga 670.000 ming dollarni meros qilib qoldirgan ekan. Keksa va kambag`al Mariya bir kechada millionerga aylanadi. Chunki bu mablag` 7 million serb dinoriga teng edi. Rasmiyatchilik va hujjatlarni to`g`irlash uchun 4 yil vaqt o`tib ketadi. Ammo u o`zining qarori bilan atrofdagilarni hayratga soldi. Mariya o`ziga bir dollar ham qoldirmay, merosni shu paytgacha holidan xabar olgan, yolg`izligini bildirmagan do`stlari va yaqinlariga bo`lib berdi. “Menga bu pullar kerak emas. Suv, non va yoqish uchun ozgina o`tin bo`lsa, bas. Men ketishga tayyorlanayotgan joyda pul zarur bo`lmaydi”, – dedi Mariya. Arzimagan pul uchun bir-birini o`ldirishga-da, tayyor bo`lgan odamlar yashaydigan zamonamizda Mariyaning hayoti barchaga o`rnak bo`ladi. Boshqalarga beg`araz yordam beradigan odamlarni ko`rganda, kimdir qoyil qolsa, kimningdir labiga istehzoli tabassum yuguradi. Aynan Mariyaga o`xshagan ayollar haqida esa afsonalar to`qiladi. Manba: Darakchi.uz
Категория: Dunyo yangiliklari | Просмотров: 241 | Добавил: ADMIN1 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar